Qashqar rubobi Qashqardan tarqalgan. Shuning uchun qashqar rubobi deb ataladi. Qashqar rubobining uzunligi 80-100 sm dir. Qashqar rubobining choʻmichsimon kosasi tut kabi qattiq daraxtlar yogʻochidan yasaladi. Kosaning usti teri bilan qoplanadi.
Qashqar rubobining dastasi uzun boʻlib, oxiri qayrilgan boʻladi. Kosasinin oldida shoxga oʻxshagan ikkita gajagi bor. Ular shakl berish bilan birga yuqori notalarni chalishda chap qoʻl uchun tayanch vazifasini ham bajaradi.
Qashqar rubobi dastasida 19 tadan 23 tagacha parda boʻladi. Eski ruboblarda pardalar ichakdan qilingan boʻlsa, zamonaviy ruboblarning pardalari metalldan qilinadi.
Qashqar rubobining beshta simi bor. Qashqar rubobining 5 ta tori, odatda, kvarta-kvinta oraligʻida sozlanadi. Pastgi ikki sim juft chalinadi. Ochiq chalganda „lya“ tovushini chiqaradigan qilib sozlanadi. 3- va 4- simlar ham juft chalinadi. Bu simlar ochiq chalganda „mi“ tovushini chiqaradigan qilib sozlanadi. 5-sim odatda neylon sim boʻlib, ochiq chalganda „si“ tovushini chiqaradigan qilib sozlanadi. Qashqar rubobining diapazoni 3 oktavaga yaqin.
Rubobning tovushi jarangdor. Ijrochilikni oʻzlashtirish birmuncha yengilligi, mohir rubobchi-sozandalar (Muhammadjon Mirzayev va boshqalar)ning yetishib chiqishi bu sozning 1940-yillardan Oʻzbekiston va Tojikistonda havaskor va professional sozandalar orasida ommaviylashuviga sabab boʻlgan.
Qashqar rubobining qayta ishlangan zamonaviy turi rubob prima oʻz imkoniyatlari bilan rus domrasiga yaqin, 4 metall tori kvinta oraligʻida sozlanadi. Orkestrda va yakka soz sifatida ishlatiladi.
Oʻzbek bastakorlaridan Muhammadjon Mirzayev, sozandalaridan A. Boboxonov, N. Qulabdullayev, kompozitorlardan Ibrohim Hamroyev, Mustafo Bafoyev va boshqalar qashqar rubobi uchun turli janrlarda asarlar yaratishgan.
